Xonqa dehqon bozorimi yoki buyum bozori?
- 2026-09-21
Xonqa tumanidagi dehqon bozorida savdo rastalaridan foydalanish masalasi yuzasidan savollar paydo bo‘lmoqda.
Tahririyatga kelib tushgan murojaatlarda dehqon mahsulotlari uchun mo‘ljallangan bozor hududida kiyim-kechak va boshqa nooziq-ovqat mahsulotlari savdosi ko‘payib borayotgani aytilmoqda.
Ma’lumki, tumanda dehqon bozori va buyum bozori alohida hududlarda faoliyat yuritadi.
Shunday ekan, dehqon bozori hududida nooziq-ovqat mahsulotlari savdosining kengayishi dehqonlar uchun savdo joylari yetishmasligiga sabab bo‘lmayaptimi?
Murojaatchilar yana bir masalaga e’tibor qaratmoqda: savdo qilayotgan fuqarolardan patta va boshqa yig‘imlar undirilayotgani aytilmoqda.
Bunday yig‘imlarning huquqiy asosi, miqdori va undirilish tartibi bozor ma’muriyati tomonidan jamoatchilikka tushuntirilishi maqsadga muvofiq.
Savol shuki, dehqon bozori ma’muriyati avvalo dehqon mahsulotlari bilan savdo qiluvchilar uchun yetarli sharoit yaratishga e’tibor qaratmoqdami?
Ayniqsa, bozor gavjum bo‘ladigan paytlarda tegishli tashkilotlar vakillari hududda bo‘lishiga qaramay, ushbu masala nega tartibga solinmayotgani ham jamoatchilikni qiziqtirmoqda.
Tahririyat ushbu masala yuzasidan Xonqa tumani hokimligi va bozor ma’muriyatidan rasmiy izoh kutadi.
Shuningdek, dehqon bozori hududidan foydalanish, patta yig‘imlari va nooziq-ovqat mahsulotlari savdosiga oid amaldagi tartiblar bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarning munosabati e’lon qilinsa, masalaga yanada oydinlik kiritilgan bo‘lardi.