Urganch tumanida ikkita guruh o‘rtasida rejalashtirilgan janjalning oldi olindi!

  •  2024-04-02
Urganch tumanida ikkita guruh o‘rtasida rejalashtirilgan janjalning oldi olindi!

Joriy yilning 31 mart kuni, viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmatiga Urganch tumani “Bogʼdorchi” mahallasi hududida 30 nafarga yaqin fuqarolar oʼzaro guruh-guruh boʼlib mushtlashishni rejalashtirganliklari toʼgʼrisida maʼlumot kelib tushgan.

Ushbu maʼlumotga asosan, hodisa joyiga zudlik bilan yetib borgan  viloyat IIB va DXX boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan oʼzaro hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida,  ushbu guruhlar oʼrtasida rejalashtirilgan oʼzaro janjalning oldi olinishiga erishildi. Аniqlanishicha, ushbu ikki guruh tarkibida boʼlgan 2 nafar shaxs oʼrtalarida kelib chiqqan oʼzaro nizoni tanishlarini jalb qilgan holda, guruh-guruh boʼlib janjallashib hal qilishga uringan. 
Mazkur holat yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) bilan  jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, 9 nafar shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi, shuningdek hodisa ishtirokchisi boʼlgan yana 6 nafar shaxs Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 183 (Mayda bezorilik) va 194-moddalariga (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olindi.