Xorazmda keliniga tegajogʻlik qilgan qaynota 10 sutkaga qamaldi.

  •  2026-02-16
Xorazmda keliniga tegajogʻlik qilgan qaynota 10 sutkaga qamaldi.

Xorazm viloyati Bogʻot tumanida keliniga tegajogʻlik qilib, himoya orderi talablarini buzganlikda ayblangan 41 yoshli fuqaroga nisbatan maʼmuriy ish koʻrib chiqildi. Ish hujjatlariga koʻra, voqea joriy yilning 31-yanvar kuni Dehqonobod mahallasida sodir boʻlgan. Mast holatda boʻlgan erkak keliniga u bilan jinsiy aloqa qilishni taklif qilgan, unga nisbatan shahvoniy mazmundagi nomaqbul soʻzlarni aytgan, shuningdek, uni quchoqlashga uringan. Bundan tashqari, u ayolga ruhiy bosim oʻtkazgan. Qayd etilishicha, avvalroq ayolga himoya orderi berilgan, biroq ayblanuvchi uning talablarini buzgan. Sudda u oʻz aybiga toʻliq iqror boʻlib, sodir boʻlgan voqea kuchli mastlik oqibatida yuz berganini maʼlum qildi. Sud erkakni MJtKning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik) va 206-1-moddasi (himoya orderi talablarini tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moil boʻlgan shaxs tomonidan bajarmaslik) bilan aybdor deb topdi. Huquqbuzarliklar majmuyini hisobga olgan holda, sud 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosini tayinladi.