Xorazm viloyati prokuraturasiga MUROJAAT FAST Financing Service bilan bog‘liq jiddiy masala bo'yicha

  •  2026-08-13
Xorazm viloyati prokuraturasiga MUROJAAT FAST Financing Service bilan bog‘liq jiddiy masala bo'yicha

Bizga Xonqa tumanidan M.E fuqaro tomonidan FAST Financing Service bilan bog‘liq jiddiy masala yuzasidan murojaat kelib tushdi.

Fuqaroning M.E aytishicha, u FAST Financing Service’dan muddatli to‘lov asosida qarzdorlik olgan va belgilangan jadvalga muvofiq har oy to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirib kelgan. Jumladan, 2025-yil dekabr oyidagi to‘lovini ham amalga oshirganini bildirgan.

Biroq hozirgi kunga kelib, fuqaroning 2025-yil dekabr oyida amalga oshirgan to‘lovi tizimda aks etmayotgani yoki qarzdorlik sifatida ko‘rsatilayotgani aytilmoqda.

Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida fuqaro bilan birgalikda FAST Financing Service ofisiga borib, xodimlar bilan suhbatlashdik. Suhbat davomida ushbu to‘lov bilan shug‘ullangan xodim hozirda mazkur tashkilotda ishlamasligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, suhbat jarayonida boshqa bir fuqaro ham xuddi shunga o‘xshash muammoga duch kelgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa holatni atroflicha o‘rganish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan, Xorazm viloyati prokuraturasidan mazkur holatni qonuniy tartibda o‘rganib, fuqaro tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlarning haqiqatda qayerga va qanday tartibda o‘tkazilganiga, nima sababdan tizimda aks etmayotganiga hamda boshqa fuqarolarda ham shunga o‘xshash holatlar mavjud yoki mavjud emasligiga aniqlik kiritishingizni so‘raymiz.

Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishini so‘raymiz.

Ilova: mavjud to‘lov kvitansiyalari va boshqa tasdiqlovchi hujjatlar.