Xorazm viloyati Аdliya boshqarmasi va Yangiariq tumani Favqulotda vaziyatlar boʼlimi boshligʼi sud majlisida koʼrib chiqildi.

  •  2023-11-03
Xorazm viloyati Аdliya boshqarmasi va Yangiariq tumani Favqulotda vaziyatlar boʼlimi boshligʼi sud majlisida koʼrib chiqildi.

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʼyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instantsiyasida А. M. (1979 yilda Nukus shahrida tugʼilgan, Xorazm viloyati Аdliya boshqarmasi boshligʼi lavozimida ishlagan) va А. Q. (1984 yilda Yangiariq tumanida tugʼilgan, Yangiariq tumani Favqulotda vaziyatlar boʼlimi boshligʼi lavozimida ishlagan) ga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan koʼrib chiqish boʼyicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora koʼrilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʼrib chiqildi.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʼyicha apellyatsiya instantsiyasining 2023 yil 3 noyabrdagi hukmi bilan jinoyat ishlari boʼyicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentyabrdagi hukmining А. M. va А. Q. ga oid qismi bekor qilinib, sudlanuvchilar А. M. va А. Q. Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (oʼn olti yoshga toʼlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (oʼn olti yoshdan oʼn sakkiz yoshgacha boʼlgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu tariqa sudlanuvchilarga nisbatan qoʼllanilgan “garov” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, А. M. va А. Q. sud zalidan qamoqqa olindi.

Bugun soat 16.00 da Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Аlisher Navoiy shohkoʼchasi, 30 uy) Toshkent shahar sudi tomonidan chiqarilgan hukm yuzasidan brifing oʼtkaziladi.