Sizga rahmat, qon donorlari!
- 2024-06-14
Bu yil 14 iyun-qon donorlari kuni “20 yil samimiy va begʼaraz quvonch: Sizga rahmat, qon donorlari!” shiori ostida oʼtkazilmoqda. Shu munosabat bilan bayram tadbiri Xorazm viloyat qon quyish markazida ham boʼlib oʼtmoqda. Erta tongdan markazga begʼaraz qon topshirish istagidagi yurtdoshlarimiz tashrif buyurdilar. Viloyat hokimligi, viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi masʼullari, shifokorlar, ichki ishlar xodimlari, davlat xizmatchilari, yoshlar, barcha-barcha kimningdir hayotini saqlab qolishga hissa qoʼshmoqdalar. Uzoq yillardan beri muntazam qon topshirib kelayotgan faol donorlar munosib ragʼbatlantirildi. Tadbirda viloyat hokimi oʼrinbosari Sanʼat Salaev, viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi boshligʼi Koʼpalboy Tangriberdiev soʼzga chiqib, begʼaraz qon donorligining ahamiyati haqida toʼxtaldilar. Keyingi yillarda Oʼzbekistonda tibbiyot jadal rivojlanayotganligi, noyob jarrohlik amaliyotlarining keng yoʼlga qoʼyilayotganlari qon va uning komponentlariga boʼlgan ehtiyojni ham oshirmoqda. Qolaversa, turli avtohalokatlar va baxtsiz hodisalarda, saratonni davolashda qonning ahamiyati katta. Uning naqadar bebaho neʼmat ekanligini umrida bir bora qon va uning tarkibiy qismiga ehtiyoj sezgan inson yaxshi biladi. Shu bois ham qon donorligi qahramonlik sifatida eʼtirof qilinadi. Xorazm viloyati qon quyish markazi bosh shifokori Iroda Musaevaning aytishicha, qon donori bir insonning hayotini saqlab qolishi barobarida, oʼz salomatligini ham muhofaza qiladi. Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotiga koʼra, donorlar boshqalarga nisbatan 5 yil koʼproq umr kechiradilar. Muntazam qon topshirish infarkt va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari, oshqozon-ichak, saraton xastaliklariga chalinish xavfini bir necha bor kamaytiradi. 18 yoshdan oshgan, vazni 50 kilogrammdan ogʼir boʼlgan, sogʼlom insonlar qon donori boʼla oladi.