Inson huquqlari boʼyicha davlatlar majburiyatlari va ularni nazorat qilishning xalqaro va milliy mexanizmlari tushunchasi

  •  2024-01-31
Inson huquqlari boʼyicha davlatlar majburiyatlari va ularni nazorat qilishning xalqaro va milliy mexanizmlari tushunchasi

Inson huquqlari boʼyicha davlatlar majburiyatlarini bajarilishining nazorat mexanizmi, xalqaro huquqning asosiy tamoyillaridan biri boʼlmish, inson huquqlarini hurmat qilish tamoyilidan kelib chiqadi. Mazkur tamoyil asosida hozirgi zamon xalqaro huquqida inson huquqlarining xalqaro himoya tizimi shakllandi. Inson huquqlarining xalqaro himoyasi – bu inson huquqlari va erkinliklarini, ushbu huquq va erkinliklarning davlatlar tomonidan amalda hayotga tatbiq etilishi boʼyicha davlatlarning majburiyatlarini belgilab beruvchi va mustahkamlovchi huquqiy normalar yigʼindisi, shuningdek, ushbu huquq sohasi boʼyicha davlatlar oʼz majburiyatlarini bajarishi ustida xalqaro nazorat mexanizmi va alohida shaxsning buzilgan huquqlarini bevosita himoya qilishdir. Mazkur tizimda, davlatlarning inson huquqlari sohasidagi faoliyatining muvofiqlashtirish muhim ahamiyat kasb etib, mazkur funktsiya xalqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur jarayonda, inson huquqlari sohasida davlatlararo hamkorlikda hozirgi zamon xalqaro huquqining muhim sohasi, yaʼni, xalqaro ommaviy huquqning mustaqil tarmogʼi sifatida, xalqaro tashkilotlarning tuzilish tartibi va ish faoliyatlarini, shuningdek, ularning xalqaro huquqning boshqa subʼektlari bilan oʼzaro munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan xalqaro tashkilotlar huquqi muhim rolь oʼynaydi. Yaʼni, xalqaro tashkilotlar faoliyatlari bilan bogʼliq boʼlgan xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi normalar yigʼindisi xalqaro tashkilotlar huquqini tashkil etadi va u hozirgi zamon xalqaro huquqining mustaqil tarmogʼi hisoblanadi. Demak, mazkur holatda, yaʼni inson huquqlari sohasidagi davlatlararo hamkorlik sohasida biz bevosita, xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari sohasidagi faoliyati, mazkur sohaga ixtisoslashgan organlar tizimi, xalqaro tashkkilotlarning inson huquqlari sohasidagi norma ijodkorlik faoliyati va ularni aʼzo-davlatlar tomonidan bajarilishi yuzasidan nazorat olib borishning shakllari va vositalari hamda mexanizmlarini tushunish mumkin. 
Xalqaro-huquqiy adabiyotlarda inson huquqlarini hurmat qilish tamoyilini rivojlantiruvchi va aniqlashtiruvchi xalqaro-huquqiy normalar, odatda, inson huquqlari boʼyicha xalqaro standartlar deb yuritiladi. Mazkur xalqaro-huquqiy majburiyatlar insonga muayyan huquq va majburiyatlar beribgina qolmay, balki bu huquqlarni bergan davlatning oʼzi ham bunday huquq va erkinliklarni buzmaslik majburiyatini olganligini anglatadi.
BMT va uning ixtisoslashgan muassasalarining faoliyati shuni koʼrsatmoqdaki, inson huquqlari boʼyicha xalqaro hamkorlik quyidagi masalalarni oʼz ichiga oladi:
 birinchidan, insonning har qanday huquqlari, uning irqi, jinsi, tili va dinidan qatʼiynazar, barcha davlatlar tomonidan hurmat qilinishi hamda ularga rioya etilishi lozimligi borasida umumiy tavsiyalar ishlab chiqish;
 ikkinchidan, davlatlar zimmasiga yuridik majburiyat yuklovchi xalqaro universal shartnomalar ishlab chiqish;
uchinchidan, davlatlar tomonidan xalqaro majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish mexanizmini yaratish.
Maʼlumki, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan norma va tamoyillari davlatlarning milliy qonunlari orqali amalga oshiriladi. XX asrning ikkinchi yarmigacha xalqaro normalarning bajarilishini nazorat qilish amalda davlatlarning oʼzlari tomonidan amalga oshirilgan. BMT Nizomi qabul qilingandan soʼng bu holat oʼzgardi. Davlatlar tomonidan oʼz zimmasiga olgan majburiyatlarni kuzatish boʼyicha xalqaro nazorat mexanizmi barpo etildi. 
Inson huquqlari boʼyicha BMT tomonidan koʼplab xalqaro hujjatlar qabul qilingan. Bizga maʼlumki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi yuridik majburiy xarakterda emas. Lekin Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʼgʼrisidagi xalqaro pakt, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʼgʼrisidagi xalqaro pakt va konventsiyalar ularni ratifikatsiya qilgan davlatlarga muayyan majburiyat va vazifalarni yuklaydi. Ushbu majburiyatlar va vazifalarning aʼzo-davlatlar tomonidan bajarilishini nazorat qilish uchun hujjatlarning oʼzida nazorat organlari tuzish toʼgʼrisida koʼrsatib oʼtiladi.


Konventsiyaviy organlar muayyan xalqaro shartnoma asosida tuziladi va mazkur shartnoma qoidalarining bajarilishini nazorat qilib boradi. Аynan tashkil qilish asoslaridan kelib chiqib, ular «shartnomaviy organlar», «implementatsiyaviy organlar», «konventsiyaviy organlar», “xalqaro mexanizmlar”, “xalqaro nazorat”, “implementatsiyaviy mexanizmlar”, “inson huquqlarini taʼminlashning konventsiyaviy mexanizmlari” kabi turli nomlarda ishlatiladi. 
Inson huquqlari sohasida xalqaro nazoratda xalqaro shartnomalarni davlat tomonidan qanday bajarilayotganligi oʼrganilsa, inson huquqlari sohasida milliy nazorat tizimida esa, ham xalqaro shartnoma, ham milliy qonunchilikni bajarilishi boʼyicha huquqni qoʼllashamaliyotining muammolari va istiqbollari oʼrganilishi koʼzda tutiladi.

Viloyat sudining
sudьya katta yordamchisi S.А.Аmidullaeva