SUD HOKIMIYATI MUSTAQILLIGINI TA’MINLASHDAGI ISLOHOTLAR

  •  2021-12-03
SUD HOKIMIYATI MUSTAQILLIGINI TA’MINLASHDAGI ISLOHOTLAR

Bugungi kunda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash hamda ushbu institutni fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qila oladigan mustaqil institutiga aylantirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi.

Mazkur Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilguniga qadar Kengash harbiy sudlarning, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyalarini, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining raislari va sudyalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlashi belgilangan edi.

Bugungi kunda “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali Kengashga viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyalarini, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining raislarini, ularning o‘rinbosarlari va sudyalarini, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari sudyalarini, tumanlararo ma’muriy sudlarning raislarini, ularning o‘rinbosarlari va sudyalarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining sudyalarini, hududiy harbiy sudlarning raislarini lavozimga tayinlashni ko‘rib chiqish bo‘yicha vakolatlar berildi.

Shuningdek, sudyalik lavozimiga nomunosibligi tufayli rad etilgan nomzod bir yil o‘tgach, bo‘sh sudyalik lavozimini to‘ldirish uchun e’lon qilingan tanlovda ishtirok etishi to‘g‘risidagi ariza bilan Kengashga takroran murojaat qilish huquqiga ega bo‘ldi.

Mazkur Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgkniga qadar sudyalik lavozimiga nomunosibligi tufayli o‘ziga nisbatan Kengashning zaxiraga kiritish rad etilganligi to‘g‘risidagi xulosasi chiqarilgan shaxs bir yil o‘tgach, zaxiraga kiritish to‘g‘risida Kengashga ariza bilan takroran murojaat qilishi mumkinligi belgilangan edi.

Sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirishga aralashganlik holatlari yuzasidan Kengash raisi tomonidan prokuratura organlariga taqdimnoma kiritishi mumkinligi hamda prokuratura organlariga kiritilgan taqdimnoma bir oy muddatda ko‘rib chiqilishi va Kengash jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi yoki uni qo‘zg‘atish rad etilganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan xabardor qilinishi belgilandi.

M.Yuldashev,

 Xorazm viloyati adliya boshqarmasi
mas’ul xodimi