Donor oʼz qoni bilan bir insonning hayotini saqlab qolishi mumkin

  •  2023-06-11
Donor oʼz qoni bilan bir insonning hayotini saqlab qolishi mumkin

Mamlakatimizda tibbiyot jadal rivojlanayotgani tufayli bir paytlar bedavo sanalgan kasalliklarni samarali davolash imkoniyatlari kengaymoqda. Bunda amaliyotga tatbiq qilinayotgan noyob davolash usullarining oʼrni katta. Qator jarrohlik amaliyotlarini oʼtkazishda esa qon va uning komponentlariga ehtiyoj seziladi. Jumladan, transplantologiyada, onkologik va gematologik kasalliklarni davolashda, baʼzan tugʼruq jarayonlarida, baxtsiz hodisalar yuz berganda donor qonining ahamiyati yanada ortadi. 
 Donor oʼz qoni bilan bir insonning hayotini saqlab qolishi mumkin. Viloyatimizda har yili 14 mingdan ziyod donorlar qon topshiradi. Prezidentimizning 2022 yil 9 avgustdagi “Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʼaraz donorlik harakatini rivojlantirish choralari toʼgʼrisida”gi qarori bilan har oyning ikkinchi haftasi donorlar haftaligi deb eʼlon qilinishi va turli aktsiyalar oʼtkazilishi donorlar safini yanada kengaytirishga, qon va uning tarkibiy qismlariga boʼlgan ehtiyojni qoplashga xizmat qilmoqda.
Qarorga koʼra, donorlar uchun bir qator imtiyoz va imkoniyatlar berilgan. Xususan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab «Oʼzbekiston Respublikasi faxriy donori» koʼkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryoʼla beriladigan pul mukofoti summasi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʼn besh baravarigacha oshiriladi. «Oʼzbekiston Respublikasi faxriy donori» koʼkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:
-ular uchun qulay boʼlgan vaqtda yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqish;
-shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yoʼnalishli va yoʼnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
-davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yoʼllanmalarni navbatsiz olish;
- doimiy (yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush oʼrtogʼi, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush oʼrtogʼining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tugʼilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul taʼminlanadi;
- donorlarni bepul ovqat bilan taʼminlash boʼyicha xarajatlarning qiymati respublika boʼyicha bir xil — mehnatga haq toʼlash eng kam miqdorining 3 foizi miqdorida belgilanadi;
- immun donorlarga oʼtkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq toʼlash miqdori mehnatga haq toʼlash eng kam miqdorining oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi;
- shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Darvoqe, qon topshirish inson salomatligi uchun foydali sanaladi. Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʼra, donorlar boshqalarga qaraganda 5 yil koʼproq umr kechiradi. Donorlik infarkt va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari, oshqozon-ichak, saraton kasalliklariga chalinish xavfini bir necha bor kamaytiradi. Qon aylanishini yaxshilab, jigar faoliyatini mustahkamlaydi.
18 yoshga toʼlgan, yuqumli kasalliklardan holi boʼlgan sogʼlom fuqarolar donor boʼlishi mumkin.

Siz ham donor boʼlishni xohlaysizmi? 
Unda Xorazm viloyat qon quyish markaziga murojaat qiling. 
Manzil: 220100, Urganch sh. Manguberdi koʼchasi, 12-a uy. 

Xorazm viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati