Oʼqituvchilarni xuddi yigirma yil oldingi kabi yana xonadonlarni aylanib chiqishga va oʼquvchilar roʼyxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib, juda xafa boʼldim. 

  •  2022-11-10
Oʼqituvchilarni xuddi yigirma yil oldingi kabi yana xonadonlarni aylanib chiqishga va oʼquvchilar roʼyxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib, juda xafa boʼldim. 

Men oʼqituvchilarga boʼlgan munosabatni qayta koʼrib chiqish oʼta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini soʼrab qolaman.
Oʼqituvchilarning asosiy vazifasi — farzandlarimizga bilim berish orqali mamlakatimiz kelajagini taʼminlashdir. 
Buning oʼzi juda murakkab vazifa. Taʼlim yoʼnalishida shundoq ham muammolar gʼij-gʼij boʼlib turganida, ustiga-ustak oʼqituvchilar gardaniga yana qandaydir qoʼshimcha vazifalar yuklash — bu endi ortiqcha. 
Oʼqituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki Oʼzbekiston kelajagiga ham zarar yetkazadi. 
Men barcha masʼul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilish va oʼqituvchilardan dars berishdan boshqa barcha vazifalarni ozod qilishini soʼrayman.
Hozir mamlakatimizda taʼlim birinchi raqamli ustuvor masaladir. Biz oʼqituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart. Ular jamiyatning eng hurmatli va ardoqli qatlamiga aylanishi, buning uchun barcha birdek harakat qilishi zarur deb hisoblayman. Zero faqat taʼlim, faqat oʼqituvchilar yordamidagina biz taraqqiyotga erisha olamiz. Farzandlarimiz kelajagi ularning hayotda oʼz oʼrnini topishlari uchun ham ustozlarimizni eʼzozlashimiz shart!

Deydi-Saida Mirziyoyeva