Soliq qo‘mitasi Raisining buyrug‘i bilan mamlakatimiz bo‘ylab 35 nafar rahbar kadr davlat soliq inspeksiyalari boshlig‘i lavozimlariga tayinlandi.
- 2026-05-14
Mazkur tayinlovlar soliq organlarida olib borilayotgan keng qamrovli institutsional islohotlarning muhim amaliy bosqichi sifatida baholanmoqda.
Ayniqsa, yaqinda Soliq qo‘mitasi raisi tomonidan yurtboshimizga taqdim etilgan tizimni rivojlantirish strategiyasi loyihasida kadrlar salohiyatini oshirish, zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalariga ega, tashabbuskor va yuqori natijaga ishlaydigan rahbarlar korpusini shakllantirish masalasiga alohida ustuvor ahamiyat qaratilgan edi.
Mazkur tayinlovlar ushbu yondashuv amalda izchil tatbiq etilayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Xususan, tizimga yosh, salohiyatli, ishga kreativ yondashadigan, hududlarda soliq ma’muriyatchiligini yangi bosqichga olib chiqishga qodir rahbar kadrlarni saralash va tayinlashga katta e’tibor berilmoqda.
Shu bilan birga, yangi tayinlovlar orasida ayol rahbar kadrlarning ham munosib o‘rin egallayotgani soliq organlarida gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga keng jalb etish borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqqanini ko‘rsatadi. Xususan, Niyozova Sugdiyona Mexmonovna, Umarova Zaxro Furqat qizi, Abdukayumova Munira Safarovna hamda Shoturayeva Maftuna Elturayevnalarning rahbarlik lavozimlariga tayinlangani bu boradagi amaliy islohotlarning yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
E’tiborli jihati shundaki, soliq organlari tizimida ilk bor shunchalik ko‘p miqdordagi rahbar kadrlar ro‘yxati ochiq va keng jamoatchilikka e’lon qilinmoqda. Bu esa tizimda ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik oldida hisobdorlik tamoyillari tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Soliq qo‘mitasi
Inson resurslarini rivojlantirish