Tabiiy gaz va elektr energiyasi tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilmoqda

  •  2023-02-20
Tabiiy gaz va elektr energiyasi tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilmoqda

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan elektr energiyasi va gaz taʼminoti xodimlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tergovga qadar tekshiruv va tezkor tadbirlarda, tabiiy resurs tarmoqlariga oʼzboshimchalik bilan ulanish holatlari fosh etilmoqda. 

Xususan, Departamentning Qoʼqon shahar boʼlimi tomonidan IIB va “Qoʼqonshahargaz” boʼlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqarolar X.А. va I.X. “Quduqlik” MFYdagi ohak ishlab chiqarish sexida 2 dona xumdon va 54 dona qoʼlbola gaz yondirgichlarni umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʼiga oʼzboshimchalik bilan ulab olib, 672,7 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Sharof Rashidov tuman boʼlimi tomonidan tuman ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.B.” MChJ rahbari А.U. va boshqalar korxonaga qarashli qurilish obʼektlarini tuman ETK bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʼiga oʼzboshimchalik bilan ulab, 330,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Ushbu qonunbuzilish holatlari oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 821,4 mln soʼm zarar yetkazilgan. 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari oʼtkazilmoqda.