MАЪMURIY SUDLАR HАQIQIY XАLQ SUDIGА АYLАNMOQDА
- 2022-02-22
MАЪMURIY SUDLАR HАQIQIY XАLQ SUDIGА АYLАNMOQDА
Mamlakat rivojida keng koʼlamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi hamda 2022 — 2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasining maqsadlariga erishish davlat boshqaruvining mutlaqo zamonaviy, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratishni, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ochiq, oshkora va qonuniy faoliyatini tashkil etishni talab qiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 28 yanvardagi Farmon bilan tasdiqlangan “2022 — 2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” barcha sohalar rivojida xususan, Oʼzbekiston Respublikasining kelgusi 5 yillikdagi taraqqiyotida asosiy yoʼnalishlarni aniq belgilab beradi.
Jumladan, Taraqqiyot strategiyasining 2-yoʼnalishi “Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish” deb nomlandi.
Mazkur yoʼnalishda mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, bu sohada demokratik tamoyillarga asoslangan holda inson qadriga boʼlgan eʼtiborni yanada kuchaytirish, fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlarining huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Bu borada maʼmuriy islohotlarni izchil davom ettirish yoʼlida oʼz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, Yangi Oʼzbekiston sharoitida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati tizimining samaradorligini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka yoʼnaltirish orqali aholi farovonligini taʼminlash asosiy masalalardan biridir.
Shu jihatdan, maʼmuriy sud sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida joriy yilning 29 yanvarь kuni qabul qilingan «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda aholining sudlarga boʼlgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi Prezident qarori alohida ahamiyatga ega boʼldi.
Mazkur qaror bilan tanishar ekanmiz, maʼmuriy sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari huquqiy jihatdan aniq vazifalarga tayanib faoliyat yuritishiga ishonchimiz ortadi.
Yaʼni, ushbu huquqiy hujjat bilan “maʼmuriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda maʼmuriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun oʼz tashabbusi bilan dalillarni yigʼish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subʼektiga esa dalillarni yigʼishda faqat oʼz imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shuningdek, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subʼektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bogʼlanishda boʼlgan zararni undirish talabini ham maʼmuriy sudga bildirish huquqini taqdim etish hamda bunday talablarni koʼrib chiqishni maʼmuriy sudlar vakolatiga oʼtkazish mazkur huquqiy hujjatdan oʼrin olgan.
Barchamizga maʼlumki, milliy qomusimizning 44-moddasida «Har bir shaxsga oʼz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʼayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi», deb belgilab qoʼyilgan. Mamlakatimizda maʼmuriy sudlarning tashkil etilishi Аsosiy qonunimizda mustahkamlangan ushbu huquqlarni samarali amalga oshirilishini taʼminlashga xizmat qilayotir.
Maʼmuriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini taʼminlash bilan bir qatorda ular huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hisoblanadi. Shu bilan birga, fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning, ayniqsa, maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqaro va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish zarur.
Jamiyatda maʼmuriy sudlarga boʼlgan ishonchni yanada oshirish maqsadida davlat organlari tomonidan sud qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish talab etiladi. Shu munosabat bilan Prezidentimizning mazkur qarorida davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirishga oid chora-tadbirlar belgilab berildi.
Haqiqatdan ham, amaliyotda yuzaga kelayotgan holatlar tahlili maʼmuriy sudlarda ish holatlarini isbotlash majburiyati taraflarning oʼziga yuklatilgani ularni tengsiz holatga keltirayotganini koʼrsatmoqda. Xususan, huquqi buzilgan oddiy fuqaro yoki yuridik shaxsning oʼz talablarini isbotlab berish boʼyicha imkoniyatlari davlat organlarining resurslariga qaraganda birmuncha cheklangan edi.
Shuningdek, fuqaro yoki yuridik shaxsning shikoyati asosida chiqarilgan sud hujjati ijrosi davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishini taʼminlash uchun taʼsirchan nazorat mexanizmlari mavjud emas edi. Buning natijasida koʼp holatlarda fuqarolar yoki yuridik shaxslar manfaatida chiqarilgan sud hujjati davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan ijro etilmasdan qolayotganining guvohi boʼlayotgan edik.
Ushbu holatlar inobatga olingan holda hujjatda davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni koʼrib chiqishda maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlarining haqiqiy himoyachisiga aylantirishga qaratilgan muhim choralar belgilandi. Masalan, maʼmuriy sud ishlarini yuritishni «sudning faol ishtiroki» tamoyili asosida amalga oshirish, bunda maʼmuriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun oʼz tashabbusi bilan dalillarni yigʼish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subʼektiga esa dalillarni yigʼishda faqat oʼz imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish nazarda tutildi.
Mazkur qaror bilan huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subʼektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bogʼlanishda boʼlgan zararni undirish talabini ham maʼmuriy sudga bildirish huquqi taqdim etilgan holda bunday talablarni koʼrib chiqishni maʼmuriy sudlar vakolatiga oʼtkazish huquqiy jihatdan mustahkamlab berildi.
Endilikda qonun hujjatlariga tegishli oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritilganidan soʼng maʼmuriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar boʼyicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qoʼllaniladi.
Oʼzining buzilgan huquqini qonuniy himoya qila olish fuqarolar, davlat organlari, tashkilotlar, shu jumladan, tadbirkorlik subʼektlari uchun muayyan bilim va koʼnikmalar mavjud boʼlishini talab etadi. Bunga erishish esa, ular uchun eng qadrli boʼlgan vaqti va mablagʼining tejalishiga olib keladi hamda ortiqcha ovoragarchiliklarga barham beradi.
Bir soʼz bilan aytganda, sud-huquq tizimini xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirish hamda sohada bu kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi davlat organlari faoliyatini qonuniy asosda yuritilishini, fuqaro va yuridik shaxslar huquqlari va manfaatlari samarali himoya etilishini taʼminlashga, maʼmuriy sud ish yurituvini xalqaro standartlarni inobatga olgan holda takomillashtirishga, sohada ochiqlik va shaffoflini taʼminlanishida, eng muhimi, maʼmuriy sudlarni haqiqiy xalq sudiga aylantirishga xizmat qiladi.
Muzaffar BOBONАZАROV,
Xorazm viloyat sudining
iqtisodiy ishlar boʼyicha sudьyasi