Noqulay ob-havo sabab Urganch aeroporti uchta aviareysni qabul qila olmadi.
- 2022-11-22
Urganch xalqaro aeroporti quyuq tuman va koʻrish masofasi 300 metrdan kam boʻlganligi sababli 3 ta aviareysni qabul qila olmadi. Moskva — Urganch yoʻlovchi reyslari Navoiy va Buxorodagi muqobil aeroportlarga yoʻnaltirildi. Maʼlum boʻlishicha, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Moskva — Urganch yoʻnalishi boʻyicha HY-9616 yoʻlovchi reysi soat 03:30da noqulay ob-havo sharoiti — quyuq tuman va koʻrish masofasi 300 metrdan kam boʻlganligi sababli belgilangan aeroportga qoʻna olmadi hamda Navoiy shahridagi muqobil aerodromga yoʻnaltirildi. Xuddi shu sababga koʻra, Moskvadan SBI-3245 reysini amalga oshirayotgan S7 aviakompaniyasining samolyoti Urganch aeroportiga soat 03:00 da qoʻna olmadi. Samolyot Buxoro aeroportiga yoʻnaltirildi. Toshkent — Urganch yoʻnalishi boʻyicha HY-53 reysining parvozi ham kechiktirildi. “Ertalab tuman tarqagach SBI-3245 reysi Buxorodan Urganchga soat 09:30da, HY-9616 reysi Navoiydan soat 09:20da, HY-53 reysi Toshkentdan soat 09:48da uchib, Urganchga soat 10:55 da qoʻnishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda. S7 Airlines aviakompaniyasining Urganchdan Moskvaga qaytish reysi mahalliy vaqt bilan 22:05 ga belgilangan.