O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING MUROJAATNOMASIGA MUNOSABATLAR

  •  2021-01-27
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING MUROJAATNOMASIGA MUNOSABATLAR

Hurmatli Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqqa qilgan murojaatlari biz uchun, har bir soha vakillari uchun dasturil amal bo‘lib xizmat qilmog‘i lozim. Prezidentimizning muallimlarga nisbatan bo‘lgan e’tiborini birinchi navbatda jamiyat ravnaqi va uning kelajagi uchun qaratilgan e’tibor deb bilamiz. Qayerdaki ustoz, muallim, o‘qituvchi shaxsi e’zozlanar ekan, bunday jamiyatning kelagagi albatta porloq bo‘ladi.
Biz bilamizki, ta’lim-tarbiya maktab ostonasidan boshlanadi. Ilk ta’lim saboqlarini bola maktabda ustoz va muallimdan oladi. Hozirgi kunda pedagoglarimizni bolalarga sifatli ta’lim berishlari va o‘z ustida ishlashlari uchun barcha shart sharoitlar yaratilib berilmoqda. Prezidentimiz ta’kidlab o‘tganlaridek, “Jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va eng obro‘li kasb bo‘lishi lozim”. Bu biz o‘qituvchi va muallimlarga berilgan eng yuksak e’tirofdir. Shu boisdan tumanlarning chekka hududlariga borib ishlagan o‘qituvchilarga 50%, boshqa viloyatlarning chekka hududlariga borib ishlagan o‘qituvchilarga 100% ustamalar berilishi, sinf rahbarligi uchun ustama to‘lovlar 1,5 barobarga oshirilishi kelgusida chekka hududlardagi o‘quvchilarni ham salohiyatli va mahoratli o‘qituvchilar o‘qitishiga imkon yaratadi.
Har bir sinf rahbari sinfdagi har bir o‘g‘il qiz bilan individual tarzda ish olib borishi lozim. Bunda ularning iqtidori, iste’dodi va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarini alohida e’tiborga olib, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish lozim deb bilaman. Biz pedogoglar bunday imkoniyat va sharoitlardan foydalangan holda yosh avlodga zamonaviy bilim olish yo‘llarini o‘rgatishimiz, ta’lim sifati va samaradorligini oshirishimiz, barkamol avlodni tarbiyalash ishlarini samarali tashkil etmog‘imiz lozim.
Xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaruvchi buyuk va qudratli kuch albatta bizning yoshlarimizdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2021-yil “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yili deb atalishida chuqur ma’no bor. O‘zbekistonda aholi soni jihatidan yoshlar 70% ni tashkil qilishi ham bizning kata yutug‘imizdir. Hozirgi kunda har bir sohada yoshlar avlod vakillarining faoliyat olib borayotganlarini va ulkan yutuqlarga erishayotganini ko‘rishimiz mumkin. Shu bilan bir qatorda O‘zbekistonlik yoshlarga yana bir imkoniyat – ularni xorijda o‘qishlari uchun “El-yurt jamg‘armasi” orqali jo‘natiladigan yoshlarning soni 5 barobarga oshirilishi murojatnomada aytib o‘tildi.
O‘qituvchi sifatida o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishda, ularni jamiyat ravnaqi uchun ulkan hissa qo‘shadigan yoshlar qilib tarbiyalashda beminnat hissamni qo‘shishga harakat qilaman.

Dildora Sapayeva,
Urganch tumanidagi 38-sonli maktabning
Tarbiya va huquq fani o‘qituvchisi