Maktablar oldida ko‘ngilochar qurilmalar: tadbirkorlikmi yoki nazoratsizlik?

  •  2026-02-26
Maktablar oldida ko‘ngilochar qurilmalar: tadbirkorlikmi yoki nazoratsizlik?

So‘nggi paytlarda Xorazm viloyatida, ayniqsa maktablar oldida turli ko‘ngilochar qurilmalar — o‘yinchoq yutib olish apparatlari (claw machine) ko‘payib bormoqda. Tashqi ko‘rinishda bu oddiy tadbirkorlik faoliyatidek baholanadi. Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor.

Mazkur qurilmalar asosan maktab darvozalari oldiga yoki unga juda yaqin hududlarga o‘rnatilmoqda. Natijada o‘quvchilar darsdan oldin yoki tanaffus vaqtida shu apparatlar atrofiga to‘planmoqda. Bu holat esa bir qator savollarni yuzaga keltiradi.

Birinchidan, ushbu faoliyat qonuniy ravishda ro‘yxatdan o‘tganmi? Ya’ni tadbirkor yakka tartibdagi tadbirkor (YTT) yoki boshqa shaklda davlat ro‘yxatidan o‘tganmi? Soliq organlarida hisobdami?

Ikkinchidan, apparat o‘rnatilgan joy bo‘yicha rasmiy ijara shartnomasi mavjudmi? Hudud egasi bilan qonuniy kelishuv qilinganmi? Elektr energiyasidan foydalanish tartibi qonuniymi?

Uchinchidan, maktab hududi yoki unga tutash joylarda o‘quvchilarning ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan faoliyatga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Maktab oldida o‘rnatilgan bunday qurilmalar bolalarni chalg‘itishi, ularning vaqt va mablag‘ini o‘yinlarga sarflashiga sabab bo‘lishi mumkin.

Albatta, bu o‘yinlar majburiy emas — bolalar o‘z ixtiyori bilan o‘ynaydi. Ammo savol tug‘iladi: voyaga yetmaganlarning pulini tavakkal asosidagi qurilmalarga yo‘naltirish qanchalik to‘g‘ri?

Eng muhim jihatlardan biri — nazorat masalasi. Hududiy profilaktika inspektorlari, soliq organlari yoki boshqa mas’ul tashkilotlar ushbu faoliyatning qonuniyligini tekshirish vakolatiga ega. Biroq amalda “sen tegma, men tegmayman” qabilidagi befarqlik kuzatilayotgani jamoatchilikni o‘ylantiradi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash muhim. Lekin u qonun doirasida, ayniqsa ta’lim muassasalari atrofida, aniq tartib va nazorat asosida amalga oshirilishi lozim. Aks holda bu masala oddiy biznes emas, balki voyaga yetmaganlar manfaatiga daxldor ijtimoiy muammo sifatida baholanishi mumkin.