3 ta hududda fuqarolarga yer maydonlari olib berishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi

  •  2022-02-03
3 ta hududda fuqarolarga yer maydonlari olib berishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi

3 ta hududda fuqarolarga yer maydonlari olib berishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan IIB bilan oʼtkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar S.M. va J.B.lar oldindan til biriktirib, “D.S.” hamda “A.S.” fermer xoʼjaliklariga qishloq xoʼjaligi faoliyati uchun ajratilgan 1,2 gektar yer maydonini fuqaro G.ga goʼyoki boʼsh yer maydonligini aytib, ushbu yer maydonining 4 sotixini 200 mln soʼmga sotishga kelishib, oldindan 10 mln soʼmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar. 

Xuddi shunday, Departament, DXXning Qoraqalpogʼiston Respublikasi boshqarmalari IIV bilan oʼtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro R.D. fuqaro I.ga tanishlari yordamida Nukus shahri, “Doʼstlik” kanali boʼyidan 5 000 АQSh dollari evaziga 6 sotix yer maydoni olib berishni vaʼda qilib, oldindan 20 mln soʼmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan oʼtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro T.D. Karmana tumani, “Bogʼishamol” MFY hududidagi tanishi А.ga tegishli 6 sotix yer maydonini firibgarlik yoʼli bilan fuqaro N.ga sotishga kelishib, keyinchalik tanishlari orqali hokim qarorini chiqartirib berishini vaʼda qilib, xaridorga qalbaki hujjatlarni berib, evaziga 3 000 АQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari oʼtkazilmoqda.