“Hayotdagi maqsadlar” loyihasida Ahror Po'latov ijod yo'li 2-ko'rsatuv
- 2022-12-27
Xorazm viloyatida san’at tarixi Xorazm vohasida azal-azladan soz va san’atga bo’lgan qiziqish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. XIX asrning boshida Xiva xonligi Muhammad Feruz II davrida musiqa va san’at o’zining yuqori cho’qqisiga chiqa oldi deyishimiz mumkin. Bunga sabab xonning o’zi ham san’atga begona bo’lmaganligidandir. Hozirgi vaqtga kelib esa ortga nazar solganimizda xalqimiz suygan xonandalar Komiljon Otaniyozov, Otajon Xudoyshukurov, Ortiq Otajonov va shunga o‘xshagan yuzlab san’atkorlarni sanashimiz mumkin. Bundan tashqari, “Xorazm lazgisi” vohada paydo bo‘lgan raqs turi bo‘lib, mana qariyb 5 asrdan buyon barcha bayram tadbirlari to‘y marosimlarida ijro qilinib kelinmoqda.
Xorazm viloyati Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “Lazgi” festivali
Darxaqiqat, Xorazm san’atini rivojida ko‘plab san’atkorlar o‘z xissasini qo‘shib kelmoqdalar, Xorazm san’atini yuqori cho‘qqilarga ko‘tarib kelayotgan uztoz-shogird an’analarini davom qildirib kelayotgan istedodli san’atkorlar ko‘plab topiladi. Bugun shunday iste’dodli san’atkorlardan biri haqida reportaj tayyorlash uchun Xorazm viloyati Xonqa tumaniga tashrif buyurdik.
Ahror Po‘latov (2016 y)
Ijodkor: Ahror Po‘latov haqida
Ahror Po'latov 1997-yil 7-iyulda Xonqa tumanida tavallud topgan. 2008 yili Xonqa tumanidagi “Xojixon Boltayev” nomidagi san’at va musiqa maktabiga qabul qilingan. 2013-2016 yillari Xazorasp tumanidagi “Pedagigika va xizmat ko’rsatish” kasb-hunar kollejida o’qigan. 2017-yilda Xonqa tumanidagi 29-son D.M.T.T ga ishga taklif qilinadim va xozirgi kunda ham shu tashkilotda musiqachi bo‘lib ish faoliyatini yuritib kelmoqda.
Ahrorning aytib berishicha uning bobosi Ollabergan Po’latov O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist, bolalar shoiri va bir nechta badiiy asarlar muallifi sifatida xalqimiz ichra taniqli insonlardan biri sifatida faoliyat yuritgan.
Qahramonimizning hayotdagi shiori: “Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, doim oldinga intil!”
Shu o‘rinda musulmonlarga xos hamda O‘rta Osiyo madaniyatiga an’-analariga mos bir xolat e’tiborimizni tortdi. Ota-onani rozi qilgan farzand, albatta kamol topadi, chunki Ahror ham har kuni ertalab onasidan duo olmasdan uyidan ishga yo‘l olmas ekan!
Xalqimizda bir dono naql bor: “San’atga oshno qalbdan xech qachon nojo‘ya ish chiqmaydi”.
San’atdagi raqobat, san’atkorning rivojlanishi
Ijodkor qahramonimiz bilan suhbatlashar ekanmiz, san’at sohasiga kirib kelish, unda uchraydigan qiyinchiliklar haqida so‘radik.
“San’at sohasiga yoshlar avvalam bor qiziqishi, mehnati hamda olgan ta’limi orqali kirib keladi. Yanada mukkammal san’atkor bo‘lish uchun ustozlardan olingan o‘gitlar ham asqotadi. Keyinchalik o‘zining ijod namunalarini atrofdagilariga to‘y, tantana, bayram va bazmlarda namoyon qila boshlaydi. Keyingi etapda agar xalqqa manzur bo‘la boshlasa, uni pul evaziga turli tantanalarga taklif qila boshlashadi va shu tariqa ijodkorning shaxsiy imidji hamda gonarari shakllanib boradi. Bu etaplardan o‘tish jarayonida ijodkor o‘zining litsenziyasiga ham ega bo‘lishi kerak”, deb ta’rif berdi, Ahror Po‘latov, hamda litsenziyasiz ijodkor katta muammolarga duch kelishi mumkinligi haqida eslatib o‘tdi.
Ijodiy studiya
Shundan so‘ng biz guruhimiz bilan Ahror Po‘latovning studiyasiga tashrif buyurdik.
Xorazm viloyati Xonqa tumani “IDEAL SOUND STUDIO” studiyasi
“Studiyamga 2022 yilda asos solganman. Studiyani ochishdan maqsadim 2 ta edi. Birinchidan, o‘z ijod namunalarimni xalqqa sifatli hamda zamonaviy tarzda yetkazish bo‘lsa, ikkinchidan, ustoz-shogirt an’analariga sodiq qolgan holda shogirtlar tayyorlash edi.
Ahror Po‘latovning ilk mualliflik qo‘shig‘i “Allohga soldim”
Hozirda studiyamda 14 nafar yosh ijodkorlar o‘zining san’atkorlik qirralarini sayqallab kelmoqdalar. Shu studiyamda 18 ta qo‘shiqlarimni yozib xalqqa taqdim qilganman. Eng xalqqa manzur bo‘lgan hamda shuxrat topgan qo‘shig‘im “Allohga soldim” deb nomlanadi”.
Cholg‘u asboblari
Yer yuzida bugungi kunda 70 ga yaqin cholg‘u asboblarining turlari borligini yaxshi bilamiz. O‘zbekistonda bu asboblarning 17 turidan keng foydalaniladi. Ahror Po‘latovning ovoz yozish studiyasida ham bu kabi cholg‘u asboblarining 6 turi borligini ko‘rdik. So‘raganimizda, ijodkor ularning har biriga alohida mehr bilan ta’rif berib o‘tdi.
“Dutor - torli chertma milliy musiqa cholg‘usi. O‘zbek, tojik, uyg‘ur, turkman, qoraqalpoq xalqlari orasida keng tarqalgan. O‘zbek Dutori muloyim, nafis va shi-rali ovozi bilan boshqa cholg‘ulardan ajralib turadi. U asosan tut, o‘rik, yog‘ochlaridan yasaladi. Cholg‘uning kosaxonasi (rezonatori) 8—12 ta yupqa, bir-biriga yonmayon yopishtirilgan taxtacha (qovurg‘a)dan ishlanadi. Kosaxonaning ustki, ochiq qismiga yupqa qopqoq yopiladi va kosaxona bo‘g‘iz orqali dastaga ulanadi. Dutorning uzun va ingichka dastasiga 13—17 ta parda bog‘lanadi. Kosaxona va dastaga suyak va sadafdan ishlangan bezak naqshlar o‘yib yopishtiriladi. Torlari ipak iplaridan eshiladi. Ular Tanavor sozi (kvarta), Munojot sozi (kvinta), Qo‘shtor sozi (unison)ga sozlanadi. Uyg‘urlarda Dutor kattaroq shaklda, Turkmanistonda fakat o‘yma (qazma) turi, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda kosaxonasi qovurg‘alik Dutorlar bilan birga hajmi kichik, o‘yma xillari ham uchraydi”.
San’atda rivojlanish bosqichlari
Kelajak san’ati haqida
Ijodkordan san’atimizning buguni va ertasi haaqida suhbatlashdik.
“San’atimizni chet davlatlarning san’ati bilan solishtirar ekanman, bugungi maktab davrida 3-sinfdan 8-sinfgacha adashmasam, o‘quvchi yoshlarga o‘qitilayotgan musiqa faniga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Chunki Yevropada bo‘lganimda nafaqat san’atkor balki xoxlagan 10 ta fuqarodan 7 yoki 8 tasi san’atdan xabari borligiga xavasim ketdi. Pianino chalish, gitara, skripka kabi asboblarning hech bo‘lmaganda bittasidan xabari borligini aytishadi. Bizning yoshlarga ham maktab davrida musiqa fanini o‘rganayotganlarida hech bo‘lmaganda nimanidir o‘rganishlariga chorlab qolardim. Bundan tashqari, agarda kimdir san’atga professional tarzda yondoshmoqchi bo‘lsa ijtimoiy tarmoqlardan keng va samarali foydalanishi kerak” deya fikrini yakunladi.
P/S: Xorazm san’ati haqidagi videolarimizning keyingi sonlarida yangi qahramonlarimiz haqida tanishtirib boramiz.