Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda Raqamli huquq bo‘yicha Media Akademiya ishga tushirilishini qo‘llab-quvvatlaydi

  •  2025-09-19
 Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda Raqamli huquq bo‘yicha Media Akademiya ishga tushirilishini qo‘llab-quvvatlaydi

Toshkent, 2025-yil 19-sentabr – Yevropa Ittifoqi ko‘magida Toshkentda birinchi Raqamli huquq bo‘yicha Media Akademiya boshlandi. Akademiya 19–21-sentabr kunlari Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi Avenue Park mehmonxonasida o‘tkazilmoqda. Ushbu Akademiya O‘zbekistonda raqamli huquqlarni ilgari surish va himoya qilish bo‘yicha salohiyatni mustahkamlash maqsadida tanlov asosida saralangan 25 nafar mediasohasi vakillarini birlashtirdi. 


Raqamli huquq bo‘yicha Media Akademiya ikki yilga mo‘ljallangan yangi ta’lim tashabbusidir. 2025–2026-yillar davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida Akademiya shaklida ikki marotaba tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda 50 nafar media mutaxassisi ishtirok etadi. Akademiya dasturi internetda fikr bildirish erkinligi, kiberxavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, axborotga erkin kirish, faktcheking, nafrat tili va diskriminatsiyaga qarshi kurash hamda jurnalistlarning huquqiy himoyasi kabi sohalarda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan. 
Dastur milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda interaktiv metodikalar va amaliy keislar qo‘llanilishi nazarda tutilgan. 
«UDRMI loyihasi hamkorlik tamoyiliga asoslanadi: jurnalistlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat tuzilmalari birgalikda axborotga xavfsiz kirish va raqamli muhitni mas’uliyatli boshqarish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqadilar», — deya ta’kidladi Qonunchilik siyosatini tadqiq etish markazi (LPRC, Qozog‘iston) direktori Tatyana Zinchenko. 


“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (EU)ning moliyaviy ko‘magida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. 
 
 Loyiha yakuniga kelib, zamonaviy raqamli huquqlarni himoya qilish vositalarini puxta egallagan va davlat tuzilmalari bilan konstruktiv hamkorlikka tayyor 50 nafar media mutaxassisidan iborat barqaror tarmoq yaratiladi.