O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi Sherzod Asadov Janoblariga
- 2026-10-06
MUROJAATNOMA
“1gap.uz” OAV tahririyati va murojaatchilar nomidan
Muhtaram Sherzod Asadov !
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari hamda shaxsan Siz tarafingizdan OAV xodimlari va jamoatchilik oldida ta’kidlanayotgan davlat idoralarining ochiqligi, so‘z erkinligini ta’minlash va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalaringizni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Biroq, joylarda, xususan Xorazm viloyatida ushbu ochiqlik siyosati hamda belgilangan talablarga amal qilish darajasi qoniqarli ahvolda emas. “1gap.uz” OAV resursi sifatida biz xalqimizni o‘ylantirayotgan turli ijtimoiy va huquqiy murojaatlarni doimiy ravishda yoritib kelmoqdamiz.
Afsuski, viloyatdagi mutasaddi idoralar va mas’ul shaxslar OAV orqali ko‘tarilayotgan dolzarb masalalarni yetarlicha inobatga olmayapti. Chop etilayotgan murojaat va maqolalarga nisbatan belgilangan tartibda rasmiy munosabat, izoh yoki radiya berilmay, e’tiborsiz qoldirish holatlari muntazam kuzatilmoqda. Bu esa sohadagi ochiqlik prinsiplariga hamda davlat organlarining axborot xizmatlari faoliyatiga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Xorazm viloyatidagi axborot muhiti, OAV va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikdagi tizimli muammolarni atroflicha muhokama qilish hamda amaliy tajriba almashish maqsadida Siz bilan shaxsiy uchrashuv yoki telefon orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tashkil etilishida ko‘mak berishingizni so‘raymiz.
Sizning ushbu masalaga e’tiboringiz joylarda axborot ochiqligini va so‘z erkinligini yanada mustahkamlashga katta hissa qo‘shishiga ishonamiz.