OLIY TA’LIMDAGI ISLOHOTLAR JAMIYAT KO‘ZGUSIDA

  •  2021-09-07
OLIY TA’LIMDAGI ISLOHOTLAR JAMIYAT KO‘ZGUSIDA

Ayni kunlarda mustaqil Vatanimizning barcha shahar va qishloqlarida eng ulug‘ va eng aziz bayram - mustaqilligimizning 30 yilligi keng nishonlanmoqda. Yurtdoshlarimizning qalbi quvonchga to‘lgan, ular Vatanimiz, o‘z oilasi, xususan farzandlari taqdiri bilan bog‘liq nurli maqsadlarni o‘z oldilariga qo‘yganlar. Bugun ko‘p millatli xalqimiz demokratik tamoyillarga asoslangan, yangi O‘zbekiston davlatini, erkin fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida mehnat qilmoqda.

Bugungi kunda Respublikamizda yoshlarning har tomonlama keng  bilim olishi, kasb egallashlari, o‘z  qobiliyatlarini   namoyon qilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar yanada takomillashtirilib, ilg‘or xorij tajribalari, innovatsion texnologiyalar, istiqbolli loyihalar amaliyotga keng tatbiq qilinmoqda.

Respublikamizda olib borilayotgan jadal islohotlar oliy ta’limda mutaxassislik tayyorgarligiga qat’iy talablarni qo‘ymoqda. Hurmatli Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev O‘zbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiridagi nutqida quyidagi fikrni alohida ta’kidladi: “Atoqli ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmatli so‘zlarini men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman.Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning ushbu sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi. Chindan ham, agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi.”

 Bu fikrlar o‘z navbatida ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning asosiy mazmunini belgilaydi. Darhaqiqat,  Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renesansni bunyod qilishdek ijtimoiy muhim ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalarni ro‘yobga chiqarish  sharoitida bugungi kun mutaxassisi  jamiyatda o‘z o‘rnini topib olishi  va uni kuchli raqobatbardoshlik muhitida yo‘qotmasligi, shuningdek, kasbiy nuqtai-nazardan ijtimoiy-ma’naviy  soha rivojiga o‘z ulushini qo‘shishi uchun shunchaki ma’lumotli bo‘lish bilan cheklanishi yetarli emas. Chunki zamona zayli har bir shaxsdan tom ma’noda faollikni talab qilmokda. Ho‘sh faol shaxs kim? Uning ijtimoiy ko‘rsatkichlarini qanday belgilash mumkin?  Mutaxassislar tayyorgarligi  shartlari intellektuallikni, keng  dunyoqarashni, o‘tkir mantqiy  tafakkurni, ijodiy sermahsul faoliyat yurita olish qobiliyatini, shu bilan birga tashabbuskorlikni, tadbirkorlikni, muloqotchanlik,  yuksak madaniyatlilik va ma’naviyatlilikni  talab qiladi. Ha, ko‘rinib turibdiki, mutaxassis shaxsiga juda jiddiy va qat’iy talablar qo‘yilgan.

        Ta’lim tizimi oldiga qo‘yilayotgan  asosiy talablar mazmuni  mutaxassis tayyorgarligi maqsadlariga borib taqaladi. Bizga jamiyatimiz ravnaqini  ta’minlaydigan, har tomonlama raqobatbardosh  kadrlar kerak. Demak, ta’lim jarayoni har bir mutaxassisning tayyorgarlik sifatini kafolatlashi  dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Jamiyatimiz rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari keng qamrovli kasbiy tayyorgarlikka ega, ma’naviy-axloqiy rivojlanish darajalari yuqori bo‘lgan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash zaruratini ilgari suradi. Qachonki mutaxassisda  ilmiy salohiyat yuqori bo‘lish bilan  birga o‘z ish  faoliyatini to‘g‘ri tashkil qila olasa, ish vaqtidan unumli foydalanish, muloqotchanlik, hamkorlikda ishlash, moslashuvchanlik kabi bir qator ijtimoiy-kasbiy sifatlari tarkib topgan bo‘lsa, Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shadi, hayotda o‘z o‘rnini topib keta oladi.   Bularning barchasi oliy ta’limda mutaxassislar tayyorgarligini innovatsion tashkil qilish zaruratini ilgari suradi.

Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Urganch davlat universitetida ham so‘nggi yillarda ta’lim-tarbiya jarayonlarini samarali tashkil etish, zamon talablari asosida o‘quv-uslubiy ishlarni takomillashtirish, jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning shu yil 22 iyundagi “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Urganch davlat universitetida 2021/2022 o‘quv yilida 65 ta kunduzgi, 23 ta sirtqi ta’lim yo'nalishi hamda 31 ta magistratura mutaxassisligiga qabul kvotalari tasdiqlandi. Bakalavriatning 17 ta kunduzgi va 2 ta sirtqi ta’lim yo'nalishida ta’lim  rus tilida olib borilishi ko‘zda tutilgan.

O‘tgan o‘quv yilida Urganch davlat universiteti bakalavr hamda magistratura  ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 4830 ta qabul kvotasi ajratilgan edi.  2021/2022 o‘quv yilida qabul kvotasi 4,2 foiz oshirildi. 2016 yilga nisbatan tahlil qiladigan bo‘lsak,  bu ko‘rsatkich 2,81 barobar oshganligi  quvonarli xol, albatta.

Universitet o‘quv jarayonlariga Rossiya, AQSh, Avstriya, Shveysariya, Italiya, Germaniya, Koreya Respublikasi, Pol’sha va boshqa mamlakatlar oliy ta’lim muassasalaridan tajribali mutaxassislar jalb qilingan. Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlarining xorijiy oliy ta’lim muassasalariga ilmiy-ijodiy safari tizimli tashkil qilingan. Bu esa o‘z navbatida ta’lim jarayonining sifati va samaradorligiga oshirishga, rivojlangan davlatlar ta’lim tajribalarini amaliyotga  joriy qilishga xizmat qilmoqda.

         Oliygohda  ta’lim – tarbiya jarayoni professor-o‘qituvchilar va talabalar  faoliyatining o‘zaro xamjihatligidan iboratdir. Ta’lim – tarbiya jarayoni bo‘lg‘usi mutaxassisning bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantirishi bilan birga  talaba  shaxsiga kompleks ravishda ta’sir etuvchi ijtimoiy muxit doirasida amalga oshiriladi. Bunday jarayonni talab darajasida tashkil qilinishida  ta’lim dargohining,  unda amalga oshirilayotgan boshqaruv tizimining qay darajada innovatsion ekanligi ko‘p narsani belgilaydi.

Jahon hamjamiyati oldida keyingi paytda korrupsiya mavzusi eng dolzarb masalalardan biriga aylangani hech kimga sir emas. Mazkur illatga nisbatan insonlarda ko‘nikma shakllanib qolishining oldini olish va unga qarshi kurashning samarali yo‘llarini topish bu borada asosiy maqsad hisoblanadi.

Universitetda ayniqsa, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida ta’lim-tarbiya jarayoni tashkil etish va uning shaffofligini ta’minlashga katta e’tibor berilgan. Jumladan,  Urganch davlat universitetida o‘quv jarayonini boshqarish bo‘yicha IT-universitet dasturlari ishlab chiqilgan bo‘lib, quyidagi bir qator klasterlar  orqali ta’lim jarayoni sifat va samaradorligini oshirishga erishilmoqda: guruh va professor-o‘qituvchi elektron jurnali, talabalar bilimini baholashning reyting tizimi kompyuter dasturi, kafedra xujjatlarini yuritish hamda o‘quv yuklamalarni hisob-kitob va taqsimlash dasturi, talabalarning fanlar bo‘yicha bilimlarni joriy baholashning on-layn test dasturi, talabalar stipendiyasi va xodimlar maoshini hisoblash va monitoringini yuritish maxsus dasturini shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining  23-iyul  2021-yil 318-sonli buyrug‘iga asosan magistraturaga qabul jarayonining mutaxassislik imtihonlari har bir oliy ta’lim muassasasi hududida o‘tkazildi. Baxolash jarayonida adolatlilik va xolislikni ta’minlash hamda korrupsion
xavf-xatarlarni oldini olish maqsadida raqamli texnologiyalardan foydalanildi. Koruppsiyaga qarshi kurashish va korrupsion harakatlarni oldini olish bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan ko‘plab olimlarning fikricha, raqamli texnologiyalarni, elektron xizmatlarni qo‘llash yordamida insonlarga qulaylik yaratgan xolda korrupsion holatlar darajasini kamaytirishga erishiladi.

Jumladan, joriy o‘quv yili magistratura mutaxassislik fanidan imtihonning ochiqlik va shaffofligini ta’minlash maqsadida yangi SATT A.5 maxsus elektron dasturi yordamida  universitet hududida o‘tkazildi.  SATT A.5 elektron dasturi o‘rta va o‘rta-maxsus ta’lim tizimida qo‘llanilib, yaxshi natijalarni ko‘rsatib kelgan. SATT A.5 elektron dasturi oliy ta’lim tizimiga 2021-2022-o‘quv yili magistratura mutaxassislik fanidan qabul jarayonida tajriba sifatida qo‘llanildi va  inson omili bilan bog‘liq bir qator salbiy xolatlarni bartaraf qilishda afzalliklarga  ega ekanligi amaliyotda o‘z tasdig‘ini topdi. Bularning barchasi oliy ta’limda mutaxassislar tayyorgarligini  zamon talablari darajasida tashkil qilish, iste’dodli, kasbiy kompetensiyalari yuksak kadrlarni tayyorlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Biz ishonamizki, ona zaminimizda yana buyuk iste’dodlar, yuksak ilmiy salohiyat egalari yetishib chiqadilar va yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissalarini  qo‘shadilar. Chunki yosh avlod  buyuk ajdodlarimiz merosiga  munosib  voris bo‘lishdek sharafli vazifa turganligini anglashi va hayotiy maqsadlarini to‘g‘ri belgilab olishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

huzuridagi Davlat boshqaruvi

 akademiyasi dotsenti  Shamsiya Ismailova