Yangi Oʼzbekiston va Yangi Qoraqalpogʼistonni barchamiz birgalikda albatta barpo etamiz.
- 2022-07-03
Fursatdan foydalanib, men Oʼzbekistonni oʼz ona Vatani deb biladigan barcha vatandoshlarimizga, muhtaram otaxon va onaxonlarimizga, qadrli aka-uka va opa-singillarimizga, aziz farzandlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman.
Hech kimga sir emas, hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida oʼzaro shafqatsiz raqobat, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar, separatizm, millatchilik, radikalizm kabi tahdidlar tobora kuchayib bormoqda.
Аna shunday tahlikali vaziyatda mamlakatimizda yashayotgan turli millat va dinga mansub insonlar oʼrtasida doʼstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, goʼzal diyorimizda barqaror va bardavom taraqqiyotni taʼminlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga boʼlgan ishonchini oshirish barchamizning, avvalo, rahbar va mutasaddilarning nafaqat vazifasi, balki muqaddas insoniy burchidir.
Biz faqat mana shu yoʼl bilan bugungi kunning barcha tahdid va xavf-xatarlariga munosib javob berishimiz, turli buzgʼunchi gʼoyalarga qarshi jamiyatimizda, avvalo, yoshlarimiz qalbida mustahkam immunitet yaratishimiz, xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlangan demokratik islohotlar yoʼlidan ortga qaytmasdan yanada samarali natijalarga erishishimiz mumkin.
Аziz yurtdoshlar!
Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulugʼ bir maqsad birlashtiradi. U ham boʼlsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligidir.
Biz Yangi Oʼzbekiston va Yangi Qoraqalpogʼistonni barchamiz birgalikda albatta barpo etamiz.
Oʼz hayoti davomida tarixning koʼp-koʼp mashaqqatli sinovlarini mardona yengib oʼtgan azmu shijoatli, olijanob xalqimiz oʼz oldiga qoʼygan mana shunday buyuk maqsadlarga albatta erishadi, deb ishonaman", dedi davlatimiz rahbari soʼzining yakunida.