Profilaktika inspektorlari endi ayrim yoʻl qoidabuzarliklariga ham chora koʻradi
- 2026-09-07
Profilaktika inspektorlarining vakolatlari kengaytirilmoqda. Bu “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida belgilandi.
Qarorga koʻra, ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlinmalari faoliyati yaxlit tizim asosida tashkil etiladi.
Bunda fuqarolarning murojaat va xabarlariga tezkor munosabat bildirish, aholi bilan yaqin va ochiq muloqot qilish, huquqbuzarlikka sabab boʻlishi mumkin boʻlgan muammolarni aniqlash va bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, profilaktika inspektorlariga qoʻshimcha vakolatlar beriladi.
🔹 Birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi kam ahamiyatli maʼmuriy huquqbuzarlik boʻyicha maʼmuriy ogohlantirish qoʻllash;
🔹 mahalla koʻchalari va yoʻlaklarida yoʻl harakati qoidalari buzilishi bilan bogʻliq 4 turdagi maʼmuriy huquqbuzarlik boʻyicha maʼmuriy jazo qoʻllash;
🔹 tuman (shahar) ichki ishlar organi boshligʻi yoki uning oʻrinbosarlari vakolatidagi 9 turdagi maʼmuriy huquqbuzarlik boʻyicha ishlarni koʻrib chiqish va maʼmuriy jazo qoʻllash huquqiga ega boʻladi.
Bundan tashqari, profilaktika inspektorining xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.
Qaror 2026-yil 4 sentyabrdagi PQ–314-son bilan qabul qilingan.