Elektr energiyasi ishlatgan xonadon elektr taʼminotidan uzilishi haqida tasdiqlanmagan xabarlar eʼlon qilinyapti.
- 2023-12-14
Xonadonda elektr uskunalaridan ortiqcha foydalanganda avtomatik tarzda oʼchirib qoʼyish amaliyoti vaqtincha toʼxtatildi
Аyni paytda ijtimoiy tarmoqlarda soatiga 4,5 kilovatt soatdan ortiqcha elektr energiyasi ishlatgan xonadon elektr taʼminotidan uzilishi haqida tasdiqlanmagan xabarlar eʼlon qilinyapti.
Xoʼsh, bu gap qaerdan chiqdi oʼzi?
Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarori bilan qabul qilingan Qoidalarning 63-4-bandiga asosan, isteʼmol qilinadigan elektr energiyasidan oqilona foydalanish maqsadida maishiy isteʼmolchilarning elektr energiyasi isteʼmoli yuklama orqali chegaralanishi, bunda “Hududiy elektr tarmoqlari” АJ tomonidan elektr energiyasini nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida isteʼmolchilarga ehtiyojlari uchun zarur boʼlgan qurilmalarning minimal quvvatidan va joylashgan hududidan kelib chiqib, hisoblagich orqali 10 – 15 kVt quvvat doirasida cheklov kiritilishi koʼzda tutilgan.
Demak, soatiga 4,5 kilovatt soat degan gap shu bandning notoʼgʼri talqini boʼlmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bu amaliyot isteʼmol yuqori boʼlgan joylarda qoʼllaniladi va isteʼmolchi ortiqcha uskunalarni oʼchirib, kuchlanishni belgilangan meʼyordan kamaytirsa, hisoblagich uzogʼi bilan 15 daqiqa ichida avtomatik ravishda yonadi.
Biroq havo haroratining sovuq kunlarida isteʼmolchilarni qoʼllab-quvvatlash maqsadida bu norma vaqtincha bekor qilindi.
Yaʼni, xonadon egasi elektr energiyasidan belgilangan meʼyordan ortiqcha foydalanganda, hisoblagich avtomatik tarzda oʼchirib qoʼyilmaydi.
Hurmatli isteʼmolchilar, keraksiz, ortiqcha elektr uskunalardan imkon qadar foydalanmasliklaringizni, elektr energiyasini tejashlaringizni va behuda yonib yotgan quvvatlarni oʼchirib qoʼyishlaringizni soʼraymiz.
Yodda tuting: agar xonadoningizda elektr toki ortiqcha yuklama bilan oʼchgan boʼlsa, yuklamani kamaytirganingizdan soʼng elektr taʼminoti 10 – 15 daqiqa orasida avtomatik ravishda tiklanadi.
P.S. Darvoqe, siz soatiga 15 kVt ishlatish uchun qancha elektr uskunalari yonib turishi kerakligini bilasizmi?
Masalan, 15 kVt soat elektr energiyasi sarflash uchun bir vaqtning oʼzida bir soat davomida 6 ta muzlatkich, oʼrtacha 1,5 kVt quvvatli 3 ta konditsioner va 3 ta elektr pechi yoniq turishi kerak.
3 ta televizor hamda 20 ta lampochkaning isteʼmol hajmi, nari borsa, 1,5-2 kVt soat boʼlishi mumkin xolos.
Shunday ekan, 98 foiz aholining xavotir olishiga mutlaqo oʼrin yoʼq.